NUR
1 Shohlar 25
1Shu orada Shomuil olamdan o‘tdi. Butun Isroil xalqi yig‘ilishib, Shomuilga aza tutdi. Uni o‘z ona shahri Ramada dafn qilishdi. Shundan keyin Dovud Poron dashtiga ketdi.
2Moyun shahrida bir boy–badavlat odam yashar, mol–mulki Karmil shahri yaqinidagi yerda bo‘lib, uch mingta qo‘yi, mingta echkisi bor edi. Bu paytda u Karmilda qo‘ylarining junini qirqayotgan edi.
3O‘sha odamning ismi Navol, xotinining ismi esa Obigayl edi. Ayol aql–farosatli va chiroyli edi. Eri Xolib urug‘idan bo‘lib, qo‘rs, fe’l–atvori yomon odam edi.