NUR
Zakariyo 10
1Bahorda yomg‘ir beradigan Egamizdan yomg‘ir so‘ranglar. Bo‘ron bulutlarini yaratgan, Odamzodga yomg‘ir beradigan, Hamma uchun dalalarni O‘t–o‘langa to‘ldiradigan Egamizdir.
2Xonaki sanamlar behuda gaplarni gapiradilar, Folbinlar yolg‘on follar ochadilar. Tush ta’bir qiluvchilar yolg‘on ta’bir qiladilar, Foydasiz tasallilar beradilar. Shuning uchun bu xalq qo‘yday sarson bo‘lib yuribdi, Cho‘poni yo‘qligi uchun azob chekyapti.
3Egamiz shunday deydi: “G‘azabim xalqimning yo‘lboshchilariga qarshi yonyapti, Men xalqimning bu cho‘ponlarini jazolayman. Men, Sarvari Olam O‘z suruvim bo‘lgan Yahudo xalqi uchun qayg‘uraman. Men o‘sha suruvni ulug‘vor jang otlariday qilaman.