NUR
Ishayo 66
1Egamiz shunday aytmoqda: “Osmon Mening taxtimdir, Yer oyog‘im tagidagi kursidir. Menga qanday uy qurib bera olasiz?! Qaysi joy Menga maskan bo‘la oladi?!
2Axir, hammasini O‘z qo‘llarim bilan yaratganman, Ha, bularning hammasi shunday paydo bo‘lgan, — demoqda Egamiz. — Kamtar, mo‘min bo‘lgan odamga, Kalomim oldida titraydiganga Men e’tibor bilan qarayman.
3Ammo, buqani qurbonlik qiladigan odam, Odam o‘ldirgan qotil kabidir. Qo‘zini qurbonlik qiladigan odam Itning bo‘ynini sindirgan odam kabidir. Don nazri qiladigan odam Cho‘chqa qonini nazr qiladigan odam kabidir. Tutatqi tutatgan odam Butga topinadigan odam kabidir. O‘shalar o‘z yo‘llarini tanladilar, Qilgan jirkanch ishlaridan jonlari lazzat olar.