NUR
Xo'sheya 13
1Egamiz shunday deydi: “Ilgari Efrayim gapirganda hammani titroq bosardi, Isroilda uning martabasi ulug‘ edi. Ammo Efrayim Baalga sajda qilib, gunoh orttirdi, Shunday qilib, o‘zini o‘limga mahkum etdi.
2Hozir ham xalqim gunoh ustiga gunoh qilishar. O‘zlariga butlar yasashar, Kumushdan mahorat bilan sanamlar ishlashar, Bularning barchasi bor–yo‘g‘i hunarmandning ishi! Bunday odamlar to‘g‘risida bordir bir matal: Butga qurbonlik qilgan — buzoqni o‘pgan bo‘lar!
3Shuning uchun ular tonggi tumanday bo‘ladi, Birpasda g‘oyib bo‘ladigan shudringga o‘xshab qoladi. Shamol xirmondan uchirgan to‘ponday ular g‘oyib bo‘ladi, Mo‘ridan chiqadigan tutunga o‘xshab qoladi.