NUR
Ezra 4
1Yahudo va Benyamin qabilasining g‘animlari: “Asirlikdan qaytib kelganlar Isroilning Xudosi — Egamiz Ma’badini qayta qurayotgan ekanlar”, degan xabarni eshitib qolishdi.
2Ular Zarubabelning va urug‘boshilarning oldiga kelib, shunday dedilar: “Biz ham sizlarga qo‘shilib Xudoyingizning uyini quraylik, chunki biz ham, sizlar singari, Xudoyingizga sajda qilamiz. Ossuriya shohi Isarxaddo‘n bizni bu yerga olib kelgandan buyon Xudoyingizga qurbonlik qilib kelyapmiz.”
3Lekin Zarubabel, Yoshua va Isroilning boshqa urug‘boshilari ularga shunday deb javob berdilar: “Sizlar Xudoyimizga uyni biz bilan birga qurmaysizlar. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uchun uyni o‘zimiz quramiz. Fors shohi Kurush buni bizga buyurgan.”